Tadbirkorlarning murojaatlari hal qilinmoqda
1267
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Erniyazov shu yilning 30 may – 1 iyun kunlari shahar va tumanlarning tadbirkorlari bilan videokonferentsaloqa orqali uchrashuvlar o'tkazgan edi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, o'ylantirayotgan muammolarini bartaraf etish, murojaatlarini ijobiy hal qilib berish, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvlarda tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, ularning ma'lum qismi joyida o'z echimini topgan bo'lsa, qo'shimcha o'rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo'yicha mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar belgilab berilgan edi.
Biz bugungi kunda murojaatlari echimini topgan tadbirkorlarning ayrimlari bilan suhbatlashdik:
– Jo'qorg'i Kenges Raisining tadbirkorlar bilan uchrashib, muammolarimiz va ishimizga salbiy ta'sirini ko'rsatayotgan ayrim kamchiliklar haqida murojaatlarimizni tinglagani bizni quvontirdi, – deydi Kegeyli tumani «Baymaqli Esemurat» MChJ rahbari Esemurat Aljanov. – Videokonferentsiyada men o'z tadbirkorlik faoliyatimni yanada takomillashtirish, naqd pul aylanmasi bilan birga plastik karta orqali pul aylanmalarini yo'lga qo'yish uchun Xalq banki tomonidan terminal olishda yordam so'ragandim. Ushbu murojaatim ko'p vaqtga cho'zilmasdan o'z echimini topdi. Bugun Prezidentimiz, shuningdek, yurtimiz uchun ayanmasdan mehnat qilayotgan barcha rahbarlarning tadbirkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan yurtdoshlarimizga bo'lgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildiramiz.
– Bo'zotov tumani qayta tashkillashtirilgandan keyin tumanda chorvachilik sohasini rivojlantirish bo'yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Bo'zotov tumani "Abilov Bayrambay" fermer xo'jaligi rahbari Bektileo' Abilov. – Lekin biz kutgan natijaga erishishimiz uchun yaylov erlar bilan ekin erlarini tobiga keltirib sug'orish talab qilinadi. Shu bois, “Kusxanatao'” qishloq fuqarolar yig'ini hududida fermer xo'jaliklarining ekin erlarini, yangidan ochiladigan erlarni va yaylovlarni sug'orishda muammolar paydo bo'lmoqda. Uchrashuvda Amudaryo daryosidan Erkindaryo kanaliga to'g'ridan-to'g'ri suv etkazib berish uchun 5 kub quvvatligidagi nasos stantsiyasini qurib berishda amaliy yordam so'radik. Shuningdek, tumanimiz yangidan tashkil etilganligi bois fermerlarga xizmat ko'rsatuvchi mashina traktor parkini ochishga, qishloq xo'jaligi texnikalarini yoqilg'i moy bilan ta'minlash uchun yoqilg'i quyish shoxobchasini hamda chorva ozuqa ekinlarini, poliz mahsulotlarini mineral o'g'it bilan oziqlantirish uchun agrokimyo shoxobchasini ochishda amaliy yordam so'radik. Murojaatimiz o'rganilib, ijobiy echimini topmoqda.
– Men tuman Diagnostika markazini kengaytirish maqsadida qo'shimcha imorat va xorijdan tibbiyot asbop-uskunalarini sotib olish uchun 1 milliard so'm miqdorida imtiyozli kredit mablag'ini ajratishda amaliy yordam so'rab murojaat qildim, – deydi Chimboy tumanidagi “PINTOK” xususiy firmasi boshlig'i Rustem Dauletmuratov. – Murojaatim ijobiy hal qilindi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati