Xushxabar: Qoraqalpog'iston paxtakorlari paxta rejasini ortig'i bilan bajardi
1483
Qoraqalpog'iston Respublikasi paxtakorlari 2019 yilgi paxta topshirish bo'yicha shartnoma rejasini 100,54 % ortig'i bilan bajarib, kuch-g'ayrat va shijoat, mirishkorlik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon qildi.
2019 yil rejasiga ko'ra, qoraqalpog'istonlik paxtakorlar davlatga 184 200 tonna paxta xom ashyosini topshirishi belgilangan bo'lib, 26 oktyabr holatiga ko'ra, hududdagi jami 2523 fermer xo'jaligi rejani 100,54 foizga bajarib, 185 195 tonnalik xirmon ko'tardi. Paxta rejasini bajarish bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Farg'ona va Andijon viloyatlaridan keyin uchinchi bo'ldi.
Bu qoraqalpog'istonliklar uchun katta g'alaba, albatta. Chunki, hududdagi ekologik vaziyat, erlarning sho'rlanish darajasining yuqoriligi, meliorativ holatining barqaror emasligi, noqulay ob-havo sharoiti mahalliy dehqon fermerler uchun paxta hosilini etishtirish, parvarishlash va yig'ib olishda birmuncha qiyinchiliklar tug'dirgani sir emas.
Respublikamiz dehqon fermerlarining bu ulkan zafari zamirida Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgani kabi Qoraqalpog'iston Respublikasida ham qishloq xo'jaligini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilayotgani, dehqonlarimizning fidokorona mehnati, ko'p yillik tajribasi, paxta yig'im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar muhim omil bo'lib xizmat qildi.
Joriy yil paxta hosilini yig'ib-terib olish ishlari uyushqoqlik bilan jadal sur’atlarda o'tkazilmoqda. Bunda nafaqat fermer xo'jaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari, balki, ixtiyoriy ravishda qo'shimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band bo'lmagan mehnatga layoqatli aholi ham faol ishtirok etmoqda. Yig'im-terim ishlarida faol qatnashayotgan terimchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Paxta dalalarida mehnat qilayotgan har bir terimchiga terilgan paxtasining puli o'sha kunning o'zida, dala boshida berib borilmoqda. Shuningdek, ilg'or terimchilarga avtomashina, muzlatgich, televizor, gaz plitasi va boshqa sovg'alarning berilishi terim su’ratini oshirishda muhim omil bo'lmoqda.
Taxiatosh, Amudaryo, Nukus, Beruniy, Qorao'zak, Ellikqal’a hamda Taxtako'pir tumanlari paxtakorlari ham paxta etishtirish bo'yicha shartnomaviy rejasini ortig'i bilan bajarib, respublikamiz xirmonining yuksalishiga munosib hissasini qo'shdi.
