Xalqaro konferentsiya ishtirokchilari Orolbo'yida
2260
“Orolbo'yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferentsiya ishtirokchilari Qoraqalpog'iston Respublikasiga keldi.
Nukus xalqaro aeroportida mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi o'rinbosari O. Hamraev mehmonlarni Orolbo'yiga tashrifi bilan qutlab, O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining O'zbekistondagi bo'linmasi hamda xalqaro tashkilotlarning ko'magi ostida tashkil etilayotgan konferentsiya ishida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shu kunning o'zida xalqaro konferentsiya ishtirokchilari Mo'ynoq tumanida bo'lib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko'lamli loyihalar bilan tanishdi.
Konferentsiya doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasining barqaror rivojlanish bo'yicha davlatlararo komissiyasi majlisi bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi B. Kuchkarov, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi raisi, Turkmaniston qishloq xo'jaligi va atrof-muhit vaziri M. Bayramdurdiev, Qozog'iston Respublikasi ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi o'rmon xo'jaligi va hayvonotlar olami qo'mitasi raisi o'rinbosari M. Aynabekov, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi atrof muhit qo'mitasi raisi o'rinbosari S. Abdurahmonzoda, BMTning Evropa iqtisodiyoti komissiyasi Ijroiya kotibiyati Ofisidagi direktori Kire Ilioski va boshqalar Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik holatni barqarorlashtirish, Orol fojiasini bartaraf etish, aholi turmush sharoitini yuksaltirish borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarga to'xtaldi.
Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiya raisi, Turkmaniston qishloq xo'jaligi va atrof-muhit vaziri M. Bayramdurdiev Turkmaniston rahbarlik qilgan 2015-2019 yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Ta'kidlanganidek, mazkur komissiyaga Markaziy Osiyo davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida muvofiqlashtirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuklatilgan.
1992 yilda Nukus shahrida Orol fojiasiga bag'ishlab o'tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyada Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasini ta'sis etish tashabbusi ilgari surilgan edi. Mazkur jamg'arma 1993 yili O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari tashabbusi bilan Orol dengizi havzasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzildi. Joriy yilda Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi tashkil etilganiga 25 yil to'ldi.
Bugungi kunda Orol fojiasi Markaziy Osiyo davlatlari ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar muammosiga aylanmoqda. Ushbu muammolarni bartaraf etishda Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiya faoliyati yuksak baholanadi.
2018 yil 24 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo'lib o'tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta'sischi davlatlar rahbarlari kengashining majlisida jamg'arma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirgan holda boshqarish, bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Davlatimiz rahbari ushbu majlisda so'zlagan nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi faoliyatini takomillashtirish, hududga innovatsion echimlar joriy etish va xorijiy investitsiyalar jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” ni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va boshqa masalalar bo'yicha muhim takliflarni ilgari surdi.
Majlisda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhit bo'yicha Mintaqaviy dasturi loyihasi, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining Maslahat kengashini tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi. Shuningdek, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasiga raislik qilish vakolati Turkmanistondan O'zbekiston Respublikasiga uzatildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Evropa iqtisodiyoti komissiyasi hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiya o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo'ldi.
Ishtirokchilar I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog'iston Respublikasi san’at muzeyida hamda shaharning diqqatga sazovor joylarida bo'ldi.
Xalqaro konferentsiya ertaga o'z ishini davom ettiradi.
