Sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish hamda eksportni jadallashtirish vazifalari
1553
Yaqinda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import mahsulotlarini optimallashtirish hamda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, joriy yilga belgilangan eksport salohiyati ko'rsatkichlarining ijrosiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Erniyazov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari E.Ganiev so'zga chiqib, shu yilning o'tgan oylarida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi vazifalar xususida to'xtalib o'tishdi.
Ta'kidlanganidek, mamlakatimizda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda turlarini kengaytirish, aholining iste’mol tovarlariga bo'lgan talabini qanoatlantirish borasida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bois, o'zimizda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ko'paytirish orqali importni qisqartirish masalasi iqtisodiyotimizda muhim o'rin tutmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 avgustdagi “Davlat va xo'jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo'yicha mas’uliyatini yanada oshirish to'g'risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qaror asosida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, import hajmini kamaytirish borasidagi ishlar boshlab yuborildi. Shuningdek, mazkur masalalar bo'yicha yordamchi lavozimi joriy etilganligi, mahalliylashtirish hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo'yicha muntazam ravishda faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilganligi, importni qisqatirish bo'yicha idoralararo monitoring yurgizish mexanizmlarining ishlab chiqilganligi keng imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Bugungi kunda 2019-2021 yillarga mo'ljallangan mahalliylashtirish dasturiga kiritish maqsadida umumiy bahosi 541,5 milliard so'mlik jami 21 ta loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar to'liq quvvatda ishlagan holatda yiliga 488 million dollarlik import o'rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Shuningdek, respublikamizning yanvar-avgust oylaridagi tashqi savdo aylanmasi jami 487,8 million dollarni tashkil etib, 101,8 million dollarlik ijobiy saldoga erishildi.
Prezidentimiz farmoni asosida Nukus shahrida 165 gektar er maydonida “Nukus erkin iqtisodiy zonasi” tashkil etildi. Bu erda hozirning o'zida xorijiy investorlardan jami 22 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu loyihaning ishga tushirilishi bilan yaqin yillarda import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish ko'lami yanada ortadi.
Mahalliylashtirish hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo'yicha ishchi guruh a'zolari shahar va tumanlarda bo'lib, bu borada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi hamda o'zlarining amaliy yordamlarini ko'rsatmoqda. Ular tomonidan bildirilgan takliflardan tegishli xulosa chiqargan holda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, importni optimallashtirish hamda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, joriy yilga mo'ljallangan eksport prognozining ijrosini ta'minlash bo'yicha vazifalar belgilandi.