MO'YNOQDA QATOR OB’EKTLAR FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
2783
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev joriy yilning 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davomida Mo'ynoq tumanida qoraqalpog'istonlik faollar bilan muloqoti chog'ida “Sizlar bilan birgalikda katta harakat boshladik. Har bir hududning dardini bilaylik, har bir insonning ichiga kiraylik, ertangi kunga ishonchini uyg'otaylik deb chuqur islohotlarni amalga oshiryapmiz. Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, deya ta'kidlagan edi.
Bugun ana shu ulkan islohotlarning, o'zgarishlarning samarasini Mo'ynoq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlarining jadal olib borilayotganida ham ko'rishimiz mumkin.
Davlatimiz rahbarining o'tgan yilgi tashrifi chog'ida kelgusi ikki yilda Mo'ynoqda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini ta'kidlab o'tib, bu bo'yicha aniq topshiriqlar bergan edi.
O'tgan qisqa vaqt mobaynida tumanda qator ob’ektlar foydalanishga topshirilgan bo'lsa, 27 noyabr kuni tumanda yana bir qator ob’ektlarning tantanali ochilish marosimlari bo'lib o'tdi.
Jumladan, “Qazaqdaryo” ovul fuqarolar yig'ini hududida 9-sonli maktabgacha ta'lim muassasasining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega mazkur muassasa 100 o'ringa mo'ljallangan. Avvallari bu erda bog'cha qurilishini orzu ham qilmagan aholining bugun quvonchi cheksiz. Chunki bu bog'chada ularning farzandlari har tomonlama etuk bo'lib voyaga etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, mazkur ovul fuqarolar yig'inining “Mo'yten” aholi punkti hududidagi suvni chuchuklashtiruvchi stantsiyasining ishga tushirilishi ham mahalliy aholi uchun ulkan tuhfa bo'ldi. Mazkur stantsiya 520 xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta'minlaydi. “Ernazar” va “Kenes” ovullari hududlarida suv tarmoqlarini ta'mirlash ishlari yakuniga etdi.
Bundan tashqari, joriy yilning may oyida tamal toshi qo'yilgan, tumanning chiroyiga chiroy qo'shib turadigan minora soatining ham foydalanishga topshirilishi mo'ynoqliklarni quvonchga beladi.
Shuning bilan birga, tuman kadastr bo'limining yangi binosi, “Tik o'zak” OFY hududida yangi veterinariya stantsiyasi binosi foydalanishga topshirildi, veterinariya mutaxassislariga 4 ta mototsikl berildi. “Madeli” OFY “Shege” aholi punktida non va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.





