SPORT MAKTABI YANGI QIYOFA KASB ETDI
2862
Bugun, ya’ni 11 dekabr kuni Nukus shahridagi 1-son bolalar va o'smirlar sport maktabining qayta rekonstruktsiya qilingan imorati foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so'zga chiqqan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov so'nggi yillarda mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatorida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini, bu o'z navbatida yosh avlodni jismonan sog'lom etib tarbiyalashda muhim omil bo'layotganini ta'kidlab o'tdi.
Jumladan, sohani boshqarishni takomillashtirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilgani, 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish kontseptsiyasi amalga oshirilayotgani, joylarda davlat dasturlari doirasida yangi sport ob’ektlari ishga tushirilib, yoshlar sog'lom turmush tarziga faol jalb etilayotgani, ularning mahoratini muntazam oshirib borishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilayotgani buning yaqqol tasdig'idir.
1-son bolalar va o'smirlar sport maktabini rekonstruktsiya qilish uchun mahalliy byudjetdan jami 9 milliard 618 million 531 ming so'm mablag' ajratilib, yirik ta'mirlash ishlari davomida zamonaviy yugurish yo'lakchalari rezina qoplamalar bilan, futbol va voleybol maydonlari esa terafleks sport repulomi bilan qoplandi.
Yangi qiyofa kasb etgan sport maktabida qator sport turlari bilan shug'ullanuvchi yoshlar va ularning murabbiylari uchun mashg'ulot davomida yanada qulayliklar yaratish maqsadida kiyim almashtirish, yuvinish xonalari va oshxona singari qo'shimcha xonalar ham ajratilib, barcha zarur jihozlar bilan ta'minlandi.
Bugungi kunda mazkur sport maktabida 1,5 mingdan ziyod yosh sportchi 58 nafar murabbiydan sport sirlarini puxta o'rganmoqda. Maktab tarbiyalanuvchilari yakunlanib borayotgan joriy yilning o'zida mamlakat va xalqaro miqyosidagi nufuzli musobaqalarda jami 40 oltin, 39 kumush va 49 bronza medalni qo'lga kiritgan. Sport maktabi rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy sharoitlar yaratilishi ularning kelgusida yuksak cho'qqilarni zabt etishiga puxta zamin bo'lib xizmat qiladi.









