Yangi kislorod stantsiyasi o'rnatiladi
1842
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori asosida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog'iston filialiga kislorod stantsiyasi o'rnatiladi.
Yurtimizda sog'liqni saqlash tizimida, ayniqsa, kechiktirib bo'lmaydigan shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatishning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassis kadrlar, dori vositalari, tibbiy asbop-uskunalar, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan ta'minlash darajasini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi «Ezgu amal» jamoat fondi tomonidan 2020 yilning dekabr oyida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog'iston filialiga jami bahosi 55 162 AQSh dollarlik yangi kislorod stantsiyasi olib kelingan edi. Ushbu kislorod stantsiyasini o'rnatish uchun qo'shimcha bino qurish va eski kislorod taqsimlash binosini rekonstruktsiya qilish zarurati paydo bo'lmoqda.
Aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatishning samaradorligini yanada kuchaytirish va sifatini yanada yaxshilash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog'iston filialiga kislorod stantsiyasini o'rnatishga qurilish va rekonstruktsiya ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan 309 million so'mdan ziyod mablag' ajratilmoqda.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining matbuot xizmati