Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining o'n oltinchi sessiyasi: Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining raisi saylandi
7517
13 fevral kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining o'n oltinchi sessiyasi bo'lib o'tdi.
Videokonferentsaloqa tarzida o'tgan sessiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qoraqalpog'iston Respublikasi hukumati a'zolari, tegishli soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo'qorg'i Kenges deputatlari shahar va tuman studiyalarida ishtirok etdi.
Sessiyani Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari A.Davletov kirish so'z bilan ochdi va boshqarib bordi.
Deputatlar sessiyaning Kotibiyatini sayladi va kun tartibini tasdiqladi.
Ta'kidlanganidek, Hurmatli Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan maxsus Farmon bilan sud tizimiga tashkiliy-tuzilmaviy o'zgarishlar kiritildi. Shu asosda hududimizdagi jinoyat, iqtisodiy va fuqarolik sudlari birlashtirilib, ular asosida sudyalarning qat’i ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi tashkil etildi.
Sud sohasiga kiritilgan o'zgarishlarni hisobga olib, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining o'n beshinchi sessiyasida Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasining tegishli moddalariga qo'shimchalar kiritildi va deputatlarimiz tomonidan qo'llab-quvvatlanib, Qonun qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida «Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining raisini saylash to'g'risida»gi masala ko'rib chiqildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasi va «Sudlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq, Bazarbaeva Gulnara Jumanazarovnani Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining raisi etib saylash to'g'risidagi Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining taqdimnomasi deputatlar e’tiboriga taqdim etildi.
Bu masala bo'yicha deputatlar tegishli qaror qabul qildi - Bazarbaeva Gulnara Jumanazarovna besh yil muddatga Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining raisi lavozimiga saylandi.
Shu bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining o'n oltinchi sessiyasi o'z ishini yakunladi.


Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati