ShAROITI OG'IR MAHALLA VA OVULLAR MASALASI MUHOKAMA QILINDI
2404
25 fevral kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida sharoiti og'ir mahalla va ovullarda aholining turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni obodonlashtirish hisobiga ularni og'ir toifadan chiqarish hamda mahallaning o'rni va rolini kuchaytirish bo'yicha belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish masalalariga bag'ishlangan seminar tashkil etildi.
Videokonferentsaloqa tarzida o'tgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a'zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari, hukumati vakillari, cektor va soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlari, fuqarolarni o'zini-o'zi boshqarish organlari rahbarlari shahar va tuman studiyalarida ishtirok etdi.
Tadbirni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari A.Davletov kirish so'z bilan ochdi va boshqarib bordi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasi raisi B.Alihonov, qo'mita raisi o'rinbosari B.Matmuratov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari qo'mitasi raisi Z.Reymova, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Yoshlar siyosati va sog'lom avlodni tarbiyalash masalalari qo'mitasi raisi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi boshlig'i A.Daniyarov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri S.Turmanov va boshqalar Hurmatli Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori respublikamizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish bilan bir qatorda shahar va tumanlarning, mahalla va ovullarning qiyofasini tubdan o'zgartirish, aholi muammolarini hal qilish, xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Ushbu qaror bilan sharoiti og'ir 45 ta mahalla va ovulda aholining turmush sharoitini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish bo'yicha 20 ga yaqin yo'nalish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi belgilangan. Rejaga muvofiq, sharoiti og'ir mahalla va ovullarda 437 ob’ekt bo'yicha ish olib borilishi va uni amalga oshirish uchun jami 3 trillion so'mga yaqin mablag' yo'naltirilishi belgilangan.
Jumladan, 12 ta tuman markazida «Mahalla markazlari» majmualarini qurish va rekonstruktsiya qilish, 157 ta mahalla va ovul ma'muriy komplekslarini qurish, sharoiti og'ir mahalla va ovullarda uy-joylar qurilishi, yo'l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta'minoti, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish va rekonstruktsiya qilish, obodonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash maqsadida ushbu hududlarda sanoat, qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatish sohalarini rivojlantirish kabi muhim yo'nalishlar qamrab olingan.
Bugungi kunda mahalla va ovullarda yo'llarga shag'al yotqizish, ko'priklarni ta'mirlash, shuningdek gaz, elektr, issiqlik ta'minotini yaxshilash, transformatorlarni ta'mirlash va yangidan o'rnatish, simyog'ochlarni beton ustunlarga almashtirish kabi ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” joriy etilib, sharoiti og'ir mahalla va ovullarda istiqomat qiladigan aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta'minlash, ularning daromadini oshirish orqali oilalarini kambag'allikdan qutqarish borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Tadbirda Muhtaram Prezidentimizning Farg'ona va Namangan viloyatlariga tashrifi davomida ayrim muammoli mahallalarga borib, u erdagi mavjud kamchilik va muammolarga e’tibor qaratgani, mutasaddi rahbarlarning beparvoligi haqida so'z yuritilib, bu kabi muammo va kamchiliklar bizning hududdagi ayrim mahallalarda ham mavjud ekanligi qayd etildi va uni bartaraf etish bo'yicha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgen yangi tizimni amaliyotga tadbiq etish, ya’ni har bir olib borayotgan ishlarni, islohotlarni “mahallabay” tashkil etilishini ta'minlash, shu bilan birga, bu jarayonda davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarining ijrosini ta'minlashda parlament nazoratini kuchaytirish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og'ir hududlarga biriktirilgan Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari deputatlarining faolligini oshirish bo'yicha fikr va takliflar bildirildi.







Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiining matbuot xizmati