JO'QORG'I KENGES RAISI YoSh SPORTChILARNI TAQDIRLADI
2110
Nukus shahridagi 1-sonli bolalar va o'smirlar sport maktabida sportning voleybol va futzal turlari bo'yicha mamlakat miqyosidagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan yosh sportchilarimizni taqdirlashga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Kamalov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, sportchilarning ota-onalari, murabbiylari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov yosh sportchilarimizni g'alaba bilan tabriklab, kelajakda xalqaro sport musobaqalarida. Osiyo va jahon chempionatlarida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga tilakdosh ekanini ta'kidladi.
Yurtimizda sportni rivojlantirish, o'sib kelayotgan yosh avlodni komil insonlar qilib voyaga etkazish, yosh sportchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida yoshlarimiz mamlakat va xalqaro sport musobaqalarida g'alabalarni qo'lga kiritmoqda.
Jumladan, voleybol bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi qizlar terma jamoasi «Universiada-2020» sport musobaqalarida g'alabaga erishdi, O'zbekiston superkubogi musobaqasida birinchi o'rinni egallab, Osiyo chempionatida yo'llanma oldi. Shu yil 6-10 mart kunlari Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida sportning futzal turi bo'yicha 2008-yili tug'ilgan o'smirlar o'rtasida «Sport maktablari futbol ligasi» doirasida o'tkazilgan O'zbekiston chempionatida Qoraqalpog'iston Respublikasi terma jamoasi chempion bo'ldi.
Tadbirda yosh sportchilarimizga Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining tashakkurnomasi va esdalik sovg'alar topshirildi.




Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati