«Parlament o'yinlari» sport musobaqalarining g'oliblari aniqlandi
2708
Nukus shahrida “Parlament o'yinlari” sport musobaqalarining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 30 dekabrdagi qaroriga muvofiq, senatorlar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanishga jalb qilish, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida o'tkazilayotgan “Parlament o'yinlari” sport musobaqalarida ishtirokchilar sportning mini-futbol, voleybol, stol tennisi hamda badminton singari turlari bo'yicha bahslashdi.
Musobaqaning Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi yakunlanib, g'olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari A.Davletov «Parlament o'yinlari» sport musobaqalarining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi g'oliblarini tabrikladi hamda Xorazm viloyatida bo'lib o'tadigan hududiy bosqichda g'alaba qozonib, respublika bosqichida ham yuqori o'rinlarni egallashiga ishonch bildirdi.
«Parlament o'yinlari» sport musobaqalarining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichida mini-futbol bo'yicha o'tkazilgan bahslarda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, voleybol bo'yicha o'tkazilgan musobaqalarda Nukus tumani jamoasi, stol tennisi bo'yicha erkaklar o'rtasida Jo'qorg'i Kenges deputati M.Gaipov, xotin-qizlar o'rtasida xalq deputatlari Qorao'zak tuman Kengashi deputati G.Sidikova, badminton bo'yicha xotin-qizlar o'rtasida Jo'qorg'i Kenges qo'mita raisi, deputat Z.Reymova birinchi o'rinni egallab, Xorazm viloyatida bo'lib o'tadigan hududiy bosqichga yo'llanma oldi.
«Parlament o'yinlari» sport musobaqalarining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi g'olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.








Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati