Loyihalarning amalga oshirilish holati o'rganilib, vazifalar belgilandi
3789
Joriy yilning 1 may kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4889-sonli qarori hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning ijro holatiga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari, Vazirlar Kengashi vakillari, vazirlik va idoralar, hududlarga biriktirilgan banklar rahbarlari, shahar va tuman hokimliklari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi o'rinbosari A.Davletov, Oliy Majlis Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasi raisi B.Alixonov va boshqalar Hurmatli Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori respublikamizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Qaror bilan qabul qilingan dastur ijrosi ustidan Parlament nazoratini tashkil etish maqsadida Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasi tomonidan Senat a'zolari bilan hamkorlikda bevosita joylarga chiqib tahliliy o'rganishlar muntazam o'tkazilmoqda. O'rganishlar jarayonida nafaqat nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda, balki, tadbirkorlar va aholi faollari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning muammolarini joyida hal etish choralari ko'rilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir shahar va tumanning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda “o'sish nuqtalari” ya’ni drayver sohalar belgilangan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat, to'qimachilik, neft-kimyo sanoati, bog'dorchilik, issiqxonalar tashkil qilish, ipakchilik, turizm sohasi shular jumlasidandir. Yana bir muhim jihati shundaki, har bir hududga vazirlik va idoralar hamda tijorat banklari biriktirilgan.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, belgilangan maqsadli ko'rsatkichlar va loyihalarni amalga oshirishga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun qaror bilan tadbirkorlik sub’ektlariga er solig'i, mol-mulk solig'idan ozod qilish kabi qator imtiyoz hamda engilliklar taqdim etilishi belgilangan.
Yig'ilishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o'rinbosari N.Erlepesovning qaror ijrosi yuzasidan joriy yilning I chorak holatiga amalga oshirilgan ishlar bo'yicha hisoboti tinglandi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog'iston Respublikasida 2020-2022 yillar davomida umumiy qiymati 12 trillion 318 milliard 253 million so'm bo'lgan 1 359 ta ustuvor loyihalar amalga oshirilishi va 17 631 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi belgilangan.
Qayd etish joizki, 2020 yilda umumiy qiymati 3 trillion 677 milliard 371 million so'mlik 588 ta loyihalar (4 483 ta yangi ish o'rinlari) ishga tushirilishi belgilanib, amalda 2021 yilning 1 yanvar holatiga 1 206 ta loyihaning 5 trillion 887 milliard 424 million so'mlik investitsiya mablag'lari o'zlashtirildi va 4 trillion 491 milliard 922 million so'mlik 705 ta loyihalar ishga tushirildi, 4 411 ta yangi ish o'rni yaratildi.
2021 yilda umumiy qiymati 5 trillion 290 milliard 145 million so'm bo'lgan 592 ta ustuvor loyihalar amalga oshirilishi va 10 495 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi belgilangan.
Joriy yilning I chorak yakuniga ko'ra, dasturda belgilangan 1 237 ta loyihaga 6 trillion 68,1 milliard so'm investitsiya mablag'lari, shundan 2021 yilning o'zida 53 ta tashabbuskorning 110,4 milliard so'mlik investitsiya mablag'lari o'zlashtirildi.
Jami 4 trillion 777,8 milliard so'mlik 840 ta loyiha ishga tushirilib, 5075 ta yangi ish o'rinlari yaratildi, shundan 2021 yilning o'zida 279,1 milliard so'mlik 133 ta investitsiya loyihalar ishga tushirildi hamda 738 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Shundan, 2021 yilning I chorak yakuni bilan 258,4 milliard so'mga teng bo'lgan 99 ta loyihani amalga oshirish va yangidan 902 ta ish o'rinlarini yaratish rejalashtirilgan bo'lib, ushbu loyihalardan 166,4 milliard so'mga teng bo'lgan 77 ta loyiha ishga tushirildi va 445 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Shu bilan birga, 2021 yilning I chorak yakuniga ko'ra dasturga asosan qiymati 112,7 milliard so'mga teng bo'lgan 56 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirildi va 293 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Yig'ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga bir qator muammolar, jumladan, rejalashtirilgan loyihalarning muddatlarida ishga tushirilishi kechiktirilayotgani, bank tomonidan kredit mablag'lari o'z vaqtida ajratilmagani, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan o'z vaqtida er maydonlari ajratilmaganligi, tashabbuskorlar tomonidan hisob-kitoblardagi noaniqliklar yo'l qo'yilgani tanqid qilindi va mazkur muammolarni bartaraf etish bo'yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, yig'ilishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o'rinbosari B.Xabibullaevning Qoraqalpog'iston Respublikasida Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bo'yicha ma'lumoti tinglandi.
Bugungi kunda Respublika hududlarida amalga oshirilayotgan xalqaro moliya institutlari (XMI) mablag'lari hisobidan qiymati 3 983 million dollarlik istiqbolli loyihalar mavjud. Shundan, Qoraqalpog'iston Respublikasining ijtimoiy soha va infratuzilma tizimini rivojlantirish maqsadida 20 ta istiqbolli loyiha doirasida 1 326,7 million dollarlik mablag'lar ajratilishi ko'zda tutilgan.
Kommunal xo'jaligi sohasida qiymati 1 453 million dollarlik 3 ta loyiha, infratuzilma sohasida qiymati 833 million dollarlik 4 ta loyiha, suv xo'jaligi sohasida qiymati 223 million dollarlik 2 ta loyiha, qishloq xo'jaligi sohasida qiymati 300 million dollarlik 2 ta loyiha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qiymati 120 million dollarlik 1 ta loyiha, bandlik va mehnat munosabatlari hamda oliy va o'rta mahsus ta'limi sohasida qiymati 100 million dollarlik 1 ta loyiha, sog'liqni saqlash sohasida qiymati 354 million dollarlik 3 ta loyiha va boshqa sohalarda qiymati 600 million dollarlik 4 ta loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Yig'ilishda ko'rilgan har bir masala chuqur tanqidiy-tahlil qilinib, ushbu masalalarni o'z vaqtida amalga oshirish bo'yicha mas’ul vazirlik va idoralar, tijorat banklarining majburiyatlari belgilab berildi, muammolarni bartaraf etish bo'yicha taklif va mulohazalar bildirildi.







Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati