G'oliblarga sertifikatlar topshirildi
4037
6-noyabr kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida Jo'qorg'i Kenges huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan davlat grantlari bo'yicha e’lon qilingan oltinchi va ettinchi tanlovlarining g'oliblariga sertifikatlar topshirish tadbiri o'tkazildi.
Tadbirni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalari qo'mitasi raisi, Ijtimoiy sheriklik bo'yicha jamoat komissiyasi raisi D.Qurbaniyazov ochdi va olib bordi.
Avval xabar qilganimizdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan shu yilning 21-sentyabridan 21-oktyabriga qadar muddat oralig'ida davlat granti bo'yicha e’lon qilingan oltinchi va ettinchi tanlovlarga jami 15 loyiha kelib tushdi va loyiha arizalarining ro'yxati va elektron bazasi shakllantirildi. Loyihalar Ijtimoiy sheriklik bo'yicha jamoat komissiyasining a'zolari tomonidan qarab chiqilib, ularning mazmuni, asosiy maqsadlari, amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalari muhokama qilingan edi.
“Aral balıqshısı” gazetasi tahririyatining “Sof tanada-sof aql!” nomli loyihasi, O'zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpog'iston bo'limining “G'amxo'rlik” nomli loyihasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi “Kewil nurı” xotin-qizlar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo'llab-quvvatlash markazining “Oila byudjetini shakllantirishda xotin-qizlarning roli” nomli loyihasi, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog'iston Respublikasi Kengashining “Bizning imkoniyatimiz cheksiz!” nomli loyihasi g'olib, deb topildi.
Tadbirda tanlovlar g'oliblariga sertifikatlar topshirildi.








Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati