Byudjet loyihasi muhokama qilindi
2202
8 noyabr kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida 2022 yil uchun byudjet loyihasini muhokama qilishga bag'ishlangan majlis o'tkazildi.
Majlisda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakillari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlarining deputatlari, kotibiyat hamda tegishli doimiy komissiyalari raislari ishtirok etdi.
Majlisni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalari qo'mitasi raisi D.Qurbaniyazov ochdi va olib bordi.
Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda yurtimizda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida byudjet ma'lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, mahalliy byudjetlarning erkinligini ta'minlash, byudjet mablag'larining shakllanishi, ularning sarflanishi ustidan parlament va jamoat nazoratini kuchaytirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada qabul qilingan Qonun va Qarorlar byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlarning vakolatlarini yanada kengaytirmoqda hamda hududlarning o'zlari uchun qo'shimcha zaxiralarini aniqlashda mustahkam asos bo'lmoqda.
So'nggi yillarda mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan barcha shahar va tumanlarimizda keng ko'lamli qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, ko'plab ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirilmoqda.
O'tgan besh yil davomida mahalliy byudjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan ichimlik va oqava suv ta'minotini yaxshilash, mazkur ob’ektlarda qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 2018-2020 yillarda 8,5 mlrd. so'mlik, ichki yo'llar va avtomobil yo'llarida qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borish uchun 22,5 mlrd. so'mlik mablag'lar ajratildi.
Shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish, rekonstruktsiya va kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim sohasida 64,3 mlrd. so'm, xalq ta'limi sohasida 71,8 mlrd. so'm, sog'liqni saqlash sohasida 50,1 mlrd. so'm, madaniyat sohasida 20,5 mlrd. so'm ajratildi.
Bundan tashqari, joylarda “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 194,7 mlrd. so'mlik mablag'lar ajratildi. Shu bilan birga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga har tomonlama amaliy yordamlar ko'rsatish maqsadida 37,7 mlrd. so'mlik mablag'lar tegishli jamg'armalarga o'tkazib berildi.
Kun tartibidagi masala – Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha 2022 yilgi mahalliy byudjet parametrlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o'rinbosari D.Sultonov ma'ruza qildi.
Deputatlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.








Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati