Jo'qorg'i Kenges Raisi “Chuqurqoq” aholisi holidan xabar oldi
2682
Barchamizga ma'lum, bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz topshiriqlariga muvofiq, xalqning, ayniqsa, eng chekka hududlarda yashab mehnat qilayotgan insonlarning holidan xabar olib, ularning hayotidagi masala va muammolarni ijobiy hal qilish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 6 avgust kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov Nukus shahridan 230 km dan ortiq uzoqlikda joylashgan Ellikqal’a tumanining “Chuqurqoq” ovul fuqarolar yig'ini aholisining holidan xabar oldi.
Mahalliy xalq bilan o'tkazilgan uchrashuvda vazirliklar, muassasalar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, tuman hokimligining rahbarlari, jamoat tashkilotlarining hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahbarligida “Xalq davlat idoralariga emas, balki, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida o'tkazilayotgan sayyor qabullar xalqimizning kundalik hayotida duch kelayotgan har qanday muammolarning joyida ijobiy hal etilishiga va ularning bugungi kundan rozi bo'lib yashashiga xizmat qilmoqda.
“Chuqurqoq” ovul fuqarolar yig'inida bugungi kunda 700 nafardan ortiq aholi yashaydi. Mahalliy aholi asosan chorvachilik bilan shug'ullanadi.
O'tkazilgan uchrashuv davomida fuqarolar asosan yo'l qurilishi, er maydonini ajratish, aloqa xizmati, turor joy, ta'lim, maktabgacha ta'lim, tibbiy va kommunal xizmat ko'rsatish singari masalalarda murojaat qildi.
Jumladan, fuqarolarning 40 dan ortiq murojaati tinglanib, shundan 20 ga yaqin murojaat joyida o'z echimini tobdi. Atroflicha o'rganish hamda ma'lum muddat talab etiladigan murojaatlar bo'yicha mutasaddi vazirlik, idora hamda tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Tadbir doirasida aholi uchun oziq-ovqat, qishloq xo'jaligi, savdo yarmarkalari tashkil etildi. Yarmarka ishtirokchilari mahsulotlarni arzon bahoda sotib olish imkoniyatiga ega bo'ldi. Shuningdek, shu kuni ovul fuqarolar hududida yangidan qurilgan EKOS-50 ning ochilish marosimi xam o'tkazildi.
Yanada ovul fuqarolar yig'inidagi kam ta'minlangan oilalarga televizor, gilam, oziq-ovqat mahsulotlari, 33-sonli maktab jamoasiga turli xil nomdagi 100 ta badiiy kitob, yangi sinf parta va taxtalari ham berildi.
Albatta, o'zlariga ko'rsatilayotgan bunday e’tibordan “Chuqurqoq”da istiqomat qilayotgan ijtimoiy ko'makka muhtoj insonlarning ko'ngillari tog'dek ko'tarildi va davlatimiz va hukumatimiz e’tiborida ekanligini chuqur his etdi, desak hech mubolag'a bo'lmaydi. Ezgulikka yo'g'rilgan mazkur tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, odamiylik, ezgulik kabi fazilatlarni yanada kuchaytirishi bilan birga barchani savob ishlar sari undamoqda.





