zbekiston Prezidentining Frantsiyaga rasmiy tashrifi boshlandi
1681
Frantsiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rafiqasi bilan birga 21 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Parijga keldi.
«Parij-Orli» aeroportida davlatimiz rahbarining tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat bayroqlari ko'tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Mamlakatimiz etakchisini Frantsiya madaniyat vaziri Rima Abdul-Malak va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
21 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Frantsiyaga boshlangan rasmiy tashrif doirasida Parij shahrida Frantsiya taraqqiyot agentligi (FAR) bosh direktori Remi Riuni qabul qildi.
O'zbekiston va Frantsiya taraqqiyot agentligi o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalar bilan boyitish masalalari ko'rib chiqildi.
Keyingi paytda o'zaro aloqalarda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo'shma loyihalar portfeli 1 milliard evroga etdi. Agentlik ishtirokida bugun infratuzilma, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo'yicha muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.
FAR rahbari bugungi kunda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining samarali natijalarini qayd etib, hamkorlikning joriy holati va salohiyatini yuksak baholadi.
Suhbatda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, ta'lim, sog'liqni saqlash va infratuzilma sohalarida joriy qilish, energetika va transportda “yashil” iqtisodiyot loyihalarini kengaytirish, agrosanoat majmuini qo'llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlarni o'qitish va ularning tadbirkorligini moliyalashtirish loyihalarini ilgari surish kabi ustuvor yo'nalishlarda amaliy sheriklikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Loyihalarni aralash tarzda, shu jumladan Frantsiya kompaniyalarining to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalari ishtirokida moliyalashtirish mexanizmlaridan faol foydalanish muhim ekani ta'kidlandi.
Tomonlar erishilgan barcha kelishuvlarni ro'yobga chiqarish yuzasidan “yo'l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston Respublikasi Hukumati va Frantsiya taraqqiyot agentligi o'rtasida qishloq xo'jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv ta'minoti, bank-moliya va transport sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan umumiy qiymati 1 milliard evrodan ortiq bo'lgan 2025 yilgacha strategik hamkorlik dasturini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Frantsiyaga rasmiy tashrifi doirasida Parij shahrida ushbu mamlakatning etakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Tadbirda «MEDEF» Frantsiya korxonalari harakati bosh direktori Filipp Gote, «Airbus», «Orano», «Suez», «Alstom», «Total Eren», «EDF», «Schneider Electric», «Natixis» kabi 20 taga yaqin yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, rasmiy tashrifning birinchi kunidagi tadbirlar ishbilarmonlik masalalariga bag'ishlanganiga e’tibor qaratdi.
– Bu O'zbekiston muhim va ishonchli hamkorimiz – Frantsiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilishi qat’iyligidan yana bir bor dalolat beradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun O'zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta'kidlandi. Valyuta bozori erkinlashtirildi, foydani repatriatsiya qilishga barcha cheklovlar bekor qilindi, banklar, yirik sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari faol joriy qilinmoqda.
Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq tadbirkorlikni yanada rag'batlantirish, sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini ta'minlash va boshqa yo'nalishlarda aniq choralar amalga oshirilmoqda.
- Har bir investor O'zbekiston deganda, eng avvalo, barqarorlik va kelajakka ishonchni tasavvur qilishiga intilayapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Jahondagi bugungi beqarorlik sharoitida manfaatlarni hisobga olish va o'zaro ishonchga asoslangan ko'p qirrali va konstruktiv sheriklikni chuqurlashtirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani ta'kidlandi.
Shu ma'noda, Frantsiya biznesining O'zbekiston bozoriga chiqishi uchun katta istiqbollar ochilmoqda. Mamlakatimizning jozibadorligi Markaziy Osiyoda aholi soni bo'yicha eng yirik davlatligi, mahsulotlarimiz MDHning ulkan bozoriga bojsiz etkazib berilayotgani bilan ham izohlanadi.
O'zbekiston frantsiyalik tadbirkorlarni ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma bilan ta'minlash, imtiyozlar va kafolatlangan xaridlar ko'rinishida qo'llab-quvvatlash va boshqa ko'mak choralarini taqdim etishga tayyor ekani ta'kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, “yashil” energetika, oziq-ovqat sanoati, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika tarmoqlari, sog'liqni saqlash sohasini uzoq muddatli va o'zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo'nalishlar sifatida qayd etdi.
Sheriklikni kengaytirish rejalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Frantsiya ishbilarmon doiralari vakillari o'z chiqishlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Mamlakatimizda qaysi aniq loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bayon qildi.
Frantsiya biznes delegatsiyasining har bir a'zosi bilan suhbatlashib, davlatimiz rahbari tadbirkorlarni mamlakatimizga kelish va O'zbekiston investitsiya kiritish uchun eng qulay joy ekaniga ishonch hosil qilishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida O'zbekistonning mas’ul rahbarlariga tadbirda bildirilgan barcha tashabbuslarni o'z ichiga olgan hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, aniq muddatlari va ijrochilari ko'rsatilgan Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.




















