Tezyurar poezd Nukusgacha boradi
2269
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Buxoro – Urganch – Xiva temir yo'lini elektrlashtirish loyihasi bo'yicha taqdimot bilan tanishdi.
Mazkur loyihaning qiymati 445 million dollar, loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha bo'lgan 465 kilometr temir yo'l tarmog'i elektrlashtiriladi, bekat, nimstantsiyalar va boshqa inshootlar quriladi.
Yo'lning samaradorligi, shunga yarasha, ancha oshadi. Masalan, poezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha bo'ladi. Natijada yo'lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha etib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi.
Prezidentimiz mutasaddilarga hozirgi loyihaga hamohang tarzda, Nukus shahrigacha bo'lgan temir yo'lni ham elektrlashtirish bo'yicha ko'rsatma berdi.
Buning natijasida Toshkent bilan Nukus o'rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari o'rnatish, aholini bu borada rag'batlantirish masalalari bo'yicha ham topshiriqlar berildi.
