Nukus shahrida “Tabassum hadya etamiz” xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda

Administratsiya rahbarining tashabbusi bilan joriy yilning 5-12-aprel kunlari Nukus shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasida “Tabassum hadya etamiz” («Дарим улыбку») xalqaro fondi ishtirokida xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasidan bir necha bosqichda jajji bemorlar saralab olindi. Dastlab Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan 2000 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar ko‘rikdan o‘tkazildi va ulardan 270 nafardan ortig‘i tanlab olindi.
Ushbu bolalarning har birida 40-yillik tajribaga ega, jahonning mashhur plastik jarrohi Hasan Baiyev tomonidan tibbiy tekshiruvlar amalga oshirildi.
Natijada ular orasidan jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga muhtoj kichik yoshli bemorlar saralab olinib, Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasiga yotqizildi.
Xayriya aksiyasi doirasida jami 70 nafardan ortiq bemorlarda jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Muhimi, aksiya doirasida tug‘ma tanglay va lab kemtigi bo‘lgan bolalardagi operatsiyalardan tashqari bir qancha unikal amaliyotlar ham o‘tkazilmoqda. Jumladan, quloq suprasi bo‘lmagan bemor bolalarda bu organ tiklab berildi.
.jpg)
.jpg)