Tadbirkorlar muammolari tinglandi

Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi binosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaevning Nukus shahridagi yangi loyiha tashabbuskorlari bo‘lgan tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi yurtimizda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan qaror, farmonlari asosida tadbirkorlar uchun yaratib berilgan sharoitlar, mamlakatimizning boshqa hududlarida bo‘lmagan imtiyozlar haqida keng tarzda ta’kidlab, o‘z navbatida bunday imkoniyatlar natijasida tadbirkorlarning soni ortib, yangi ish o‘rinlari yaratilayotganini aytib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan tarixan qisqa vaqt mobaynida mamlakatimizda tadbirkorlarning o‘z biznesini yuritishi, kengaytirishi, yangi quvvatlarni ishga tushirishi, mintaqamizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday ezgu tadbirlar yana davom ettiriladi.
Bugungi o‘tkazilgan uchrashuvda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yana amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Tizimli muammolar belgilab olindi. Har bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligi ta’kidlandi.





