Qoraqalpog‘iston uchun alohida yana bir tarixiy qaror qabul qilindi

Hurmatli Prezidentimizning «Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus mayning zonasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 143-son qarori qabul qilindi.
Qaror bilan: «Besqala mining Valley» maxsus mayning zonasi tashkil etiladi. Bunda:
- maxsus zonaning hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududi hisoblanadi;
Maxsus zona doirasida quyidagilarga ruxsat beriladi:
- mayningni amalga oshirish uchun yagona elektr energetika tizimidan va barcha turdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, shuningdek, vodorod elektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishga;
- mayning natijasida olingan kripto-aktivlar belgilangan tartibda milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilishiga va (yoki) ularni boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlashga;
- mayning natijasida olingan (shu jumladan, boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlangan) kripto-aktivlarni sotishdan tushgan tushumni majburiy tarzda O‘zbekiston Respublikasidagi banklarning hisobvaraqlariga o‘tkazishga;
- faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar rezident bo‘lishiga;
Rezidentlarga mayningni amalga oshirish natijasida hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasi hisobidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida belgilangan tartibda issiqxonalar tashkil etishga ruxsat berilmoqda.
Vazirlar Kengashi muassisligida MChJ shaklida «Besqala mining Valley» maxsus mayning zonasi direksiyasi» tashkil etiladi va Direksiya tomonidan maxsus zona ishtirokchiligi uchun talabgorlarga rezident maqomi beriladi.
2035 yil 1-yanvarga qadar rezidentlarning mayning faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq operatsiyalaridan olingan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi.