Harbiy xizmatga qabul qilingan yigitlar Vatan oldida qasamyod qildi

Bugun Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning Vatan oldida qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbayev so‘zga chiqib, askarlarning Vatan himoyachilari safidan joy olgani va el tinchligini asrab-avaylash, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilishdek Vatan oldidagi farzandlik burchini bajarishga kirishganligi munosabati bilan tabrikladi.
Tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Vatanimizning jasur himoyachilarining ota-onalari, ommaviy axborot vositalari vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz - Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan mamlakatimiz mudofaa salohiyatini kuchaytirish, Qurolli Kuchlarimizni mustahkamlash, qo‘shinlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va boshqa shu yo‘nalishdagi masalalarga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bunday keng ko‘lamli tadbirlar natijasida Milliy armiyamiz xalqimizni ishonchli himoya qilish bilan birga, yosh avlodni mardlik, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari bilan tarbiyalaydigan hayot maktabiga aylanib, unda har tomonlama sog‘lom yoshlar kamol topmoqda.
O‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatga qabul qilingan yigitlar Vatan oldida qasamyod qildi. Orkestr sadolari ostida yigitlar harbiy saf tortib, Vatanimiz oldida sadoqat bilan xizmat qilishini bildirdi.
.jpg)





.jpg)

