Bo‘zatovda zamonaviy nasos stansiyasi ishga tushirildi

Hurmatli Prezidentimizning 4912-sonli qaroriga muvofiq, Amudaryoning Bo‘zatov tumani hududidan o‘tadigan qismida quvvati 3 m3/sekund bo‘lgan NDN-24 nasos agregatlarini o‘rnatish loyihasi amalga oshirildi.
Bugun yangi barpo etilgan zamonaviy nasos stansiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, tuman hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, fermerlar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mazkur loyiha hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sanitariya holatini yaxshilash va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Nasos agregatlarining o‘rnatilishi natijasida tumandagi 1,5 ming aholining 210 gektar tomorqa maydonlari, 2,8 ming gektar sug‘oriladigan yerlar va 3,5 ming gektar yaylov maydonlarini oqar suv bilan ta’minlash imkoniyati yanada yaxshilanadi.
Bu ishlarga qurilish boshidan jami 13.2 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan agregatlar soz holatda saqlanib, hududning suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

