Kegeyli tumanida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Prezidentimiz topshirig‘i bilan payshanba yoshlar kuni deb belgilanib, shu asosda joylarda rahbar va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shunday navbatdagi uchrashuv Kegeyli tumanida o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev bir qator ishsiz va otaliqqa olingan, shuningdek, og‘ir toifadagi va faol yoshlar bilan uchrashdi.
Dastlab yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Bundan tashqari, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan sharoitlar, berilgan imkoniyatlar yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, bu yoshlar bilan yaqinda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi uchrashib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yaqindan yordam berish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar bergan edi. Shu asosda 50 nafar yoshning uy sharoitida ishlab chiqarish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun maxsus uskunalar olib kelish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va boshqa maishiy masalalar hal etilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi o‘tkazilgan uchrashuvda ham yoshlarning fikr-takliflari tinglanib, joyida yechimini topish choralari ko‘rildi va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.








