Bugun O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoir Ibrayim Yusupovning tug‘ilgan kuni

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibrayim Yusupov 1929-yil 5-mayda Chimboy tumanida tug‘ilgan.
Shoirning "Tonggi yo‘lovchiga", "Baxt lirikasi", "Yoshlik", "Tashvishli dunyo bu", "Uylar", "Yetti dovonim", "Dala armonlari", "Sho‘r shamollar", "Ko‘ngildagi keng dunyo", "Begligingni buzma sen...", "Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar", "To‘maris" va boshqa poemalari", "Har kimning o‘z zamoni bor" nomli she’riy kitoblari va "Tanlangan asarlari" to‘plamlari nashr etilgan.
Uning she’rlari turkiy tillar adabiyotining gultojiga aylandi. Bir qator asarlari qozoq, ukrain, belorus, gruzin, bolgar va boshqa xalqlarning tillariga tarjima qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning maxsus qarori bilan Nukusda Ibrayim Yusupov yodgorligi va uning nomidagi ijod maktabi barpo etildi.
Adabiyotimizning buyuk siymosining merosi hamisha ardoqlanib, xotirlanadi.
Respublikamizda o‘tkazilishi an’anaga aylangan «Uch avlod» uchrashuvlarida ham shoir Ibrayim Yusupovning hayoti va ijodi alohida tilga olinib kelinmoqda.
Qoraqalpoq adabiyotining qo‘sh bayteragidan biri, atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni, «El-yurt hurmati», «Do‘stlik» ordenlariga sazovor deb topilgan fozil insonni xalqimiz doimo yodida saqlaydi. Uning o‘lmas merosi esa adabiyotimiz gultoji sifatida avlodlarga ulkan ma’naviy ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi.