Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Xitoy davlatiga bordi

Hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i asosida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay Orınbayev rahbarligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif bilan bordi.
Tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) - Xitoy (Shinjon) savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik biznes-forumi o‘tkazildi.
Unda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisining o‘rinbosari Chju Lifan bilan uchrashuv o‘tkazilib, hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibori bilan investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Muloqotda tabiiy resurslarni qayta ishlash, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bundan so‘ng rasmiy delegatsiyaning "China railway construction heavy industry Co., Ltd." kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Xiao Even bilan uchrashuvi o‘tkazilib, unda Nukus shahrida qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish va servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Shuningdek, "Xinjiang Zhongtai Chemical Co., Ltd." kompaniyasi Bosh direktori Ma Venyuy bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonda kaustik soda va polivinilxlorid (PVX) mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda "Quruq port" maqomiga ega bo‘lgan Orol logistika markazini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
"Xinjiang Goldwind Science & Technology Co., Ltd." kompaniyasi Bosh direktori o‘rinbosari Chen Jun tomonidan amalga oshirilayotgan shamol elektr stansiyalari uchun machta ishlab chiqarish loyihasini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. "Tian feng" korxonasi bilan bo‘lgan uchrashuvda 40 mln. dollar bo‘lgan paxta yetishtirish shartnomasi imzolandi.
Bundan keyin chorva ozuqa bazasini yaxshilash, tosh kukunidan panel, qurilish materiallari, kabel, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish va boshqa loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
