Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlovchi "Hamroh" kompaniyasining Qoraqalpog‘iston filiali ochildi

Bugun Nukus shahrida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida muhim hisoblangan "Hamroh" kompaniyasi Qoraqalpog‘iston filialining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi N.Davletova ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yurtimizda ularga tadbirkorlik yo‘nalishida ko‘plab imtiyozlar berilmoqda.
Shu qatorda, Prezidentimizning 240-sonli farmoni bilan "Hamroh" kompaniyasi tomonidan 2026-2027 yillarda 6 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m yo‘naltirish, 3 mingga yaqin xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish hamda 2 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish belgilangan.
Ana shunday ezgu ishlar qatorida kompaniya filialining ochilishi xotin-qizlarimizni tadbirkorlikka keng jalb etishga, ularning o‘z biznesini yanada rivojlantirishiga ko‘maklashishga asos bo‘lib xizmat qiladi.







