Yurtimizga yangilanish, qalblarga mehr-muruvvat va qadr-qimmat bag‘ishlagan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi

Navro‘z bayrami hurmatli Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Qaror asosida butun yurtimiz bo‘ylab « Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!» shiori ostida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 21-mart kuni Nukus shahrida umumxalq Navro‘z sayliga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan va adabiy musiqali xoreografik bayram tomoshalari «Do‘stlik» kanali bo‘yidagi O‘zbekiston milliy, madaniy boyligi ko‘chasida bo‘lib o‘tdi.
Bayram kechasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev, hukumat a’zolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘zga chiqib, butun xalqimizni yangilanish va yosharish ayyomi - Navro‘z bayrami munosabati bilan tabrikladi.
Aytish joizki, qutlug‘ ayyom o‘tkazilayotgan maydonda baxshi-jirovlar, sozanda va san’atkorlar o‘z san’atlari bilan xalqimizga bayram kayfiyatini ulashdi.
«Do‘stlik» kanali bo‘yida san’at ustalari, madaniyat sohasi vakillari, xalq sevgan ijrochilar yig‘ilganlarga Navro‘zga xos ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Qardosh xalqlarning milliy urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan tarzda sahnalashtirilgan chiqishlar, milliy raqs va qo‘shiqlar ijrosi, xalqimizning milliy o‘yinlari, baxshi va jirovlarning ajoyib chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.







