Olis "Qoraqalpog‘iston" posyolkasi aholisidan xabar olindi

Yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida "Inson qadri uchun" degan ezgu g‘oya asosida xalqimizning bugungi turmushidan roziligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizning barcha joylari qatori olis va chekka hududlar aholisining ham muammolariga yechim topish bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Shunday amaliy ishlar qatorida bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev respublikamizning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumanidagi "Qoraqalpog‘iston" posyolka fuqarolar yig‘iniga bordi.
Dastlab, yangidan tashkil etilgan tug‘ruq bo‘limining ochilish marosimi o‘tkazilib, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi yangi tug‘ruq bo‘limining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlash joizki, hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan va Prezident Administratsiyasi rahbarining qo‘llab-quvvatlashi asosida olis "Qoraqalpog‘iston" posyolkasi aholisi uchun olti yarim milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan tug‘ruq bo‘limi qurildi hamda zarur uskunalar bilan ta’minlanib, barcha qulay sharoitlar yaratildi.
Bundan so‘ng, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ko‘cha boshilari, nuroniylar bilan uchrashib, yaqindan suhbatlashdi.
Unda hudud aholisining muammolari tinglanib, yechimini topish choralari ko‘rildi. Har bir bildirilgan murojaatlarga ijobiy yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Bundan so‘ng, posyolka aholisi bilan birga yangilanish va yasharish ayyomi - Navro‘z bayrami keng turda nishonlandi.








